Mikrob, virus va Salomat qiz haqida ertak (II qism)
Kavsar Turdiyeva · She'r
Yo'qotmasdan o'zini
Aytdi dadil so'zini.
Mikrofon olib shu tob: —
Hamma taqvolsin niqob.
Eshik-oyna ochilsin!
Yelvizakdan qochilsin!
Tozalansin uylar ham,
Hatto ko'cha-ko'ylar ham.
Qo'llar toza yuvilsin,
Barcha mikrob quvilsin!
Viruslarni qirmoq shart,
Piyozdan siqib sharbat.
Tayyorlaymiz o'q-qurol,
U bo'ladi dorivor. —
Hamma ishga kirishdi,
Mikrob bilan kurashdi.
Buni eshitib shu tob
Razil Virus va Mikrob
Jahldan tutoqdilar,
Qahr bilan boqdilar.
Endi jangga kirashar,
Jon-jahd bilan kurashar.
Isitmani ko'tarar,
Qaqshatar va titratar.
Shodlikni aritishar,
Darmonni quritishar.
Salomatda esa bor
O'q-dorilar dorivor.
Separ Mikrobga uni
Bitadi Mikrob kuni.
Virus-Mikrob qirilar,
Dorilarga urilar.
Virus boshiga to'qmoq
Urar yana Sarimsoq.
Yov ishi chiqar puchga,
Bemorlar kirar kuchga!
"Endi, — deydi Salomat, —
Yaratamiz alomat
Giyohlardan damlama.
Ular to'rvamda, mana.
Yalpiz va Yerqalampir,
Na'matak va Zanjabil,
Qani ishga, odamlar,
Bemor topsin yordamlar!
Yana qalampirmunchoq
Olib keldim bir quchoq".
Ishlar qizir har joyda,
Harakat — koni foyda.
Paydo bo'la boshlanur
Bemorlar ko'zida nur.
Sayyora aholisi
Salomatdan barisi
Juda minnatdor, xursand,
Uning obro'si baland.
Barcha quvvatga to'lar,
Damlamalar kuch berar.
Mana so'nggi bemor ham,
Tuzaldi, bo'ldi bardam.
"Yash" sayyoraning ahli,
Katta-yu kichik — bari:
Salomatga der "Rahmat!"
Xursand bo'lishib behad,
Sovg'a bilan siylashar,
Ezgu tilak tilashar.
Yengildi yovuz Mikrob,
Virus ham bo'ldi xarob,
Gripp ham Tumov qochdi,
Sog'lomlikka yo'l ochdi.
"Yash" sayyorasi esa
Endi nom oldi "Yasha!"
Salomat uyga qaytar,
Sehrli so'zlar aytar:
"Shumati, bumati, davara,
Qiynalmay, bo'lmayin ovora,
Samoni bir zumda quchayin,
Ona Yer, sen tomon uchayin!"
U uyda bo'ldi paydo,
Uzoqdan keldi sado:
"Neki 'Yasha' xalqi bor,
Bari sendan minnatdor.
Qo'llab hayot farzini,
Sog'lom turmush tarzini,
Sendagi sabr, ishonch
Keltirdi bizga quvonch".
Topshiriqlar
- 1-topshiriq: Turkumlarga ajrating
- 2-topshiriq: Voqealar ketma-ketligi
- 3-topshiriq: So'zlarni toping
- 4-topshiriq: Yozma topshiriq
- 5-topshiriq: Og'zaki savollar