Chuchvarachi chumchuq xola
Muazzam Ibrohimova · She'r
Bahor kelib chor atroflar
Ko'z quvnatib yashnadi.
Chuchvarachi chumchuq xola
O'z ishini boshladi.
Erta tongdan erinmasdan
Giyoh terdi o'tloqda.
Charchasa ham, churq etmasdan
Obdon yuvdi buloqda.
Surpa yozib, xamir qordi
Bo'lib rosa ovora.
Ta'mi shirin chuchvaraga
To'lib ketdi tog'ora...
– Kelib qoling, hoy, yeb qoling
Ko'klamoyning oshidan.
Sizga atay terib keldim
Qir, adirlar qoshidan.
Yalpiz chiqdi, ariqlarning
Roshlarini cho'qisam,
Ming bir dardga shifo ekan,
Kitoblardan o'qisam.
Jag'-jag' qonni tozalasa,
Yordam berar ismaloq.
Ehhe, qancha quvvat bo'lar
Quyonquloq otquloq.
Barchasini sanar bo'lsam,
Sovib qolar chuchvaram.
Qani, keling, bugun tekin,
Bo'shab qolsin tog'oram.
Ayiqpolvon, birpasgina
Yemay turgin asalni,
Bu giyohlar asalday zo'r!
Davolaydi kasalni.
Bo'ri tog'a, o'tib ketmang
Mazasini bilmasdan.
Tulkibonu, chuchvara yeng,
Chumchuqxo'rlik qilmasdan.
Qoplon aka, yotibsizmi
Qarab quruq suyakka?
Ikki kosa chuchvara yeb,
Kuch qo'shing-da, bilakka.
Xolamizning oshxonasi
O'rmonimiz yonida.
Uch-to'rt to'nka o'rindiqdir,
Maysa unar polida.
Joy yetmagan yerga qo'ndi,
Kim daraxtning uchiga.
Ishonmasdi ahli o'rmon
Chuchvaraning kuchiga.
Yeb bo'lishgach, maza qilib
Qoshiqlarni yalashdi.
Yuqi qolgan tog'orani
Olmaxonlar talashdi.
Mo'jiza ko'p kuttirmadi,
Qoyil qoldi barchasi.
Ko'p dardlardan xalos bo'ldi
Kasallarning qanchasi.
Shundan buyon qish tugamay
Taqillasa tomoqlar,
Chuchvaraxo'r jonivorlar
Terib kelar giyohlar.
Tulkixon der:
– Avval buni
Toza yuvib olamiz.
Horib-charchab qolmasin-da,
Chuchvarachi xolamiz!
Topshiriqlar
- 1-topshiriq: Emoji va so'zni moslashtiring
- 2-topshiriq: To'g'ri yoki Noto'g'ri
- 3-topshiriq: Bo'sh joyni to'ldiring
- 4-topshiriq: Og'zaki savollar
- 5-topshiriq: Yozma topshiriq