Qari bilganni pari bilmas
O'zbek xalq ertagi · Ertak
Qadim zamonda, Sharq tomonda aytgani aytgan, degani degan zolim podshoh o'tgan ekan. U boylik, mol-u dunyo uchun hech narsadan tap tortmas ekan. Uning boyligi hech yerga sig'mas, biroq podshoh uni sarflash o'rniga to'plagani to'plagan ekan.
Podshoh o'ylab-o'ylab, qariyalar ishlamaydi, ulardan foyda yo'q, hammasini shahardan haydash kerak, degan qarorga kelibdi.
Kunlarning birida u shunday farmon chiqaribdi: "Qo'l ostimdagi har bir tirik jon yetmish yoshgacha tinmay mehnat qilishi kerak. Kimki yetmishdan oshsa, ishga yaroqsiz sanaladi. Uning tirik yurishidan foyda yo'q. Shuning uchun bundaylarning yaqin kishisi tog'ga olib chiqib tashlab kelsin. Kimki bu farmonga amal qilmasa, boshi o'limda, moli talonda!"
Ko'p o'tmay, bu podshohlikda qari kishilar qolmabdi. Shu mamlakatda bir yigit bo'lib, uning xotini, bola-chaqasi va keksayib qolgan otasi bor ekan. Chol yetmish yoshga to'lgan kuni podshoh yasovullari kirib, yigitdan otasini yo'qotib kelishni talab qilishibdi.
Yigit otasi uchun el-u yurtga osh beribdi va otasini yelkalab, tog'ga chiqa boshlabdi. Tog'ning tepasida supaga o'xshash bir yassi tosh bo'lib, hamma shu yerga kelganda dam olar ekan. Yigit ham o'sha yerga yetib kelibdi. Otasi uning orqasida turib qah-qah otib kulib yuboribdi.
— Ota, — debdi yigit yig'lab, — men sizni to'y-tomoshaga emas, zolim zulmi tufayli o'limga olib ketyapman. Siz yig'lash o'rniga kulasiz! Buning sababi nima?
— Ey o'g'lim, — debdi chol, — bu dunyoda yaxshilik ham, yomonlik ham qaytar ekan. Bir zamonlar men ham ojiz, notavon bechora otamni ko'tarib olib ketayotganda, xuddi shu yerga kelganda dam olgan edim. Meni sen o'limga olib borsang, seni ham kun kelib o'g'ling olib boradi, shunga ham yig'layapman, ham kulyapman!
Bu gap yigitga qattiq ta'sir qilibdi va u yig'lab bunday debdi:
— Agar meni qiynoqqa solsalar ham, zindonga tashlasalar ham mayli. Sizni men tog'da tashlab ketmayman. Bu zolimga yam bir kun o'lim bordir!
Yigit kechasi otasini uyiga qaytarib olib kelibdi. Tom tepasidagi xashaklar orasiga birov ko'rmaydigan qilib joy qilib beribdi. Chol kunduzlari kapadan chiqmay yotar, kechalari hovliga tushib, bolalari bilan suhbatlashar ekan.
Shu ahvolda kunlar, oylar, yillar o'ta boshlabdi...
Topshiriqlar
- 1-topshiriq: To'g'ri javobni tanlang
- 2-topshiriq: Voqealar ketma-ketligi
- 3-topshiriq: Savolga javob toping
- 4-topshiriq: Og'zaki savollar
- 5-topshiriq: Yozma topshiriq