Nok
Latif Mahmudov · Hikoya
Bu yerga kelganimizga uch-to'rt oy bo'ldi. Men ham, oyim ham, dadam ham yangi uyga, qo'ni-qo'shnilarga allaqachon o'rganib ketdik. Buvim esa xuddi biror narsasini yo'qotgandek xayol surib qolar, turib-turib eski hovlini qo'msab qoladi:
— Eski mahallaga bir borib kelsak-chi, a?
Bu gap menga yoqmaydi.
— Qiziqsiz-a, buvi, — deyman, — eski mahalla qoldimi?
Shunda buvim birdan bo'shashib:
— Eshikning oldidagi nok turganmikan? — deydi.
Buvimga hayronman. Ko'chayotganimizda boshqa narsalar qolib nokka achingan. Men-ku, nokni eslasam yuragim g'ash bo'ladi. Kesilib ketsin deb yuraman.
Buvimning xomushligi bahona bo'ldi-yu, kiyindim. Buvimning oldiga kirib:
— Qani, yuring, — dedim.
Shu tobda bechora buvim yosh boladek quvonib ketdi. Mana, ikkimiz avtobusda eski mahallaga ketyapmiz. Buvim oynadan bosh chiqardilar, ilhaq bo'lib nimanidir qidirdilar. Men esa qani edi, nok kesilib to'nka-po'nkasini ham buldozer qo'porib tashlagan bo'lsa, deb boryapman.
Bunday deyishimning sababi bor. Ayni nok pishig'i. Ertaga tomosha degan kuni allavaqtgacha uxlayolmay yulduzlarga qarab yotdim. Tongga yaqin ko'zim ilingan ekan, peshonamga tushgan allaqanday mushtdan dodlab o'rnimdan turib ketdim. Qarasam, yostig'imning ustida bir dona nok dumalab yotibdi. Eng yomoni, hash-pash deguncha chap ko'zim ko'karib, qovoqlarim shishib chiqdi. Bunaqa bashara bilan ko'chaga ham chiqib bo'lmas edi.
O'sha kuni hech qayoqqa bormay, alamimdan dumalab yotdim. Keyin chidayolmay, devorga chiqdim-u, kattakon bir shoxini arralab tashladim. O'sha kuni dadamning koyiganini hisobga olmaganda butunlay alamimdan chiqqan edim.
Avtobusdan tushdik. Jin ko'chalardan, paxsa devorlardan nom-nishon qolmagan. Qator-qator yangi uylar, ba'zilari ikkinchi-uchinchi qavatgacha ko'tarilgan. Tumshug'i havoga sanchilgan ko'tarma kranlar taqa-taq to'xtagan, hamma ovqatdan so'ng nokning quyuq soyasida hordiq chiqarardi.
Biz ham buvim bilan bir chekkada o'tirib dam oldik. Ishchilardan biri shipillab nokning ustiga chiqib silkitgan edi, nok duv etib to'kildi. Qiy-chuv, kulgi bilan qizlar nokni terib o'rtaga qo'yishdi. Men ham oldimga tushganlarini cho'ntakka urdim. Nok qoqqan kishi pastga qarab:
— Bo'ldimi? — dedi.
— Ha, — chuvirlashishdi qizlar.
— Ertagaga ham qolsin.
U ohista tusha boshladi va xuddi men kesib tashlagan joyga kelganda, nazarimda, beixtiyor to'xtagandek bo'ldi. Men o'zimni allanechuk sezdim.
Buvimga bildirmay sekin nokka qaradim. O'zim ham eng chiroyli shoxini olib tashlagan ekanman. Shu tobda nok bir qanoti singan burgutni eslatdi!
— Buvi, — dedim nok chaynab, — nega shu nokni yaxshi ko'rasiz-a?
Buvim esa hadeganda javob bermadi.
— Buni, — dedi nihoyat xayol bilan, — buni rahmatli buvang ekkan. Odamlarga ekkan. Ana shu tagida o'tirgan odamlarga ekkan, bolam!
Azim tup nok esa jaziramadan odamlarni bag'riga chorlab, go'yo buvimning gaplarini tasdiqlagandek, tepamizda sirli shovullar edi.
Topshiriqlar
- 1-topshiriq: To'g'ri yoki Noto'g'ri
- 2-topshiriq: Savolga javob toping
- 3-topshiriq: So'zlarni toping
- 4-topshiriq: Og'zaki savollar
- 5-topshiriq: Yozma topshiriq