Tarbiya
Habibullo Qodiriy · Hikoya
Dadam — Abdulla Qodiriy bizni xoh oilada, xoh tashqarida bo'lsin, zimdan kuzatib turar edilar, lekin sira quruq nasihatgo'ylik qilmas, yo'rig'i bilan ikki og'iz ma'noli gap aytar, shuning o'zi bizga "ham oshlik", "ham nonlik" bo'lar edi...
— Ada, menga kitob olishga pul kerak.
— Xo'p, qancha?
— Yaxshi, — derdilar va so'raganimni berardilar.
Biroq pulni osongina olib ketdi, deb o'ylaysizmi? Hech ham. Kechaga tomon chaqirib so'rardilar:
— Qolgan pul qani?
Dadam menga faqat muzqaymoqqa ruxsat etardilar, qolganini qaytarib olardilar. Maktabga ketishimda ham pulni juda o'lchovli, tramvayga va bir-ikki stakan suvga loyiq berardilar. Peshinlik ovqatni-ku, uydan jildimga solib olishimga buyurardilar. U kishining bizga nisbatan bunchalik qattiqqo'l bo'lishlaridan bibim goho ranjirdilar.
— Juda bolaga mehring qattiq, Abdulla...
— Gap qattiqlikda emas, oyi, pulga o'rgatmaslikda, pul bolani buzadi... — der edilar jiddiy va o'z "qoida"lariga amal qilishda davom etaverardilar.
U kishi kiyim-kechak vajidan ham bizni ortiqcha siylamas, el-yurt qatori kiyintirar edilar. Bir vaqt, hali tevaragimizda rasm bo'lmagan choqda, men velosiped havas qilib qoldim. Tabiiyki, velosiped oldirishga bibimni vosita qildim. Shunda dadam dedilar:
— Velosiped olib berishga aqcham bor, lekin olib bermayman...
— Nega, bolam?
— Ayting-chi oyi, yon-verimizda kimning bolasi velosiped minayotir?
— Birov bilan nima ishing bor?
— Tushunmaysiz... Ko'pchilik bilan barobar borish kerak. Habibulla velosiped minsa, boshqa bolalarning ko'ngli o'ksiydi, qo'shnilar uyida janjal bo'ladi, ular siz-mendan ranjiydilar.
U kishi bizni kino, teatr, sayil-tomoshalarga ham hisobli yuborar va albatta, kimlar bilan ketayotganimizни, ularning qanday shaxsligini aniqlar edilar...
Men xotira yozayotirman. Ehtimol, dadamning bu xil oila tarbiyasi borasidagi aqidalari hozirgi kunimizga xiyol yopishib tushmas. Men u vaqtlarda dadamning biz bolalarga nisbatan bunchalik qattiqqo'l bo'lishlaridan, ehtimol, xafa bo'lgandirman ham. Biroq hozir u kishining islatariga faqat rahmat aytaman.
Topshiriqlar
- 1-topshiriq: To'g'ri javobni tanlang
- 2-topshiriq: Dadamning xulqi — To'g'ri yoki Noto'g'ri tarbiya?
- 3-topshiriq: Og'zaki savollar
- 4-topshiriq: Yozma topshiriq