← Javonga qaytish

Ona kaklik

Azim Suyun · Hikoya

Hayot — murakkab. Unda umr kechirish o'z-o'zidan bo'lmaydi. Ammo qiyinchilik, og'irchilikdan, xatarlardan qo'rqavermaslik kerak. Inson aql, tafakkur chirog'i har qanday zulmatni yoritishga qodir, yo'lingizdagi ko'ringan-ko'rinmagan to'siqlarni, g'ovlarni surib tashlashda sobit. Insonni qo'yib turaylik, tabiatdagi har bir jonzot ham tiriklik uchun kurashib yashaydi.

Kaklik — sodda qush. Lekin uning sodda bo'lib qolishga haqqi yo'q.

Irg'ayli darasining qir-adirlarida mol boqib yurgan kezlarim bunga o'zim guvoh bo'lganman.

May oyining o'rtalarida ona kaklik tuxum bosib yotganiga duch keldim. Uning uyasi bir tup shuvoq ostida edi. Bolalik ekan-da, uni tutmoqchi bo'ldim. Unga qarab yo'naldim. Ona kaklik noxushlikni tez payqadi. Birdan uyasidan otilib chiqdi va pastga — qiyalik bo'ylab dumalay ketdi. Ha, u aynan dumalab borardi. Orqasidan quva boshladim, yetay deganimda dumalashni tezlatdi. Quvaverdim. Yana yetay-yetay dedim. U yana tezladi. Quvib-quvib, daraning ichiga tushib qoldim. Va shunda ona kaklik dumalashdan lahzada turdi-da, uch-to'rt qadamcha yugurgiladi-yu, uchib ketdi.

Ko'rdingizmi, sodda qush deganimiz, ona kaklik menday bir aqlli cho'pon bolani qanday chalg'itib, tuxumlarini, bolajak jo'ja-bolalarini asrab qoldi. U ayyormidi, yo'q, degim keladi bugun, ona kaklik aqlli, oqila edi.

Men o'shanda, tag'in ortimga qaytib, uning tuxumlarini olib ketishim mumkin edi. Ammo, birinchidan, uyadan ko'p uzoqlab ketgan edim. Ikkinchidan, tuxumlarni olib nima ham qilardim. Mol boqib yursam, mol boqish oson emas. Qolaversa, birorta kurk tovuq tayyor emaski, tuxumlarni bostirsam, jo'ja ochtirsam. Uchinchidan, otamning o'giti yodimda edi: "Qush uyasini buzma, tuxumlarini sindirma, polaponlariga ozor yetkazma, hatto ilon bolasini ham o'ldirma!"

Men podalar o'tlab yurgan sayhonlik sari ketdim.

Topshiriqlar