Aring qasosi (II qism)
Muhabbat Hamidova · Hikoya
Ertasiga Sardor dalaga bormadi. O'tkir noiloj bir o'zi sigirini yetaklab, yaylovga yo'l oldi. Quyosh endigina tog' ortidan ko'tarilgan, hali o't-o'lanlar yuzida shudring yaltiraydi. O'tkir yuzini chala yuvganigami, uyqusi o'chmagan, yengil shabadada ham eti junjikardi. Kutilmaganda sigiri o'ynoqlab o'zini tutzorga urdi. O'tkir sigirning arqonini qo'yib yubormay, unga qo'shilib yugurdi. Sigir ariq bo'yida to'xtab, qirg'oqdagi maysalarni ochko'zlik bilan yamlashga tushdi. Shu payt O'tkir kalta shimining pochasida nimadir g'imirlaganini sezdi. Bunday qarasa, kattakon qovog'ari! Sho'rlik sovuqdanmi, shudringdanmi karaxt bo'lib qolgan, shekilli, qanotini arang sudrab tepaga o'rmalardi. O'tkir shosha-pisha uni chertib yerga tushirib yubordi.
So'ng ichki bir xavotir bilan bu yerdan tezroq ketishga qaror qilib, sigirini sudradi. Targ'il tixirlik qilgach, qo'lidagi tayoq bilan yelkasiga tushirdi. Sigir boshini qattiq siltadida, chopib ketdi... Arqon O'tkirning qo'lini shilib yubordi. Arqonni jahl bilan itqitayotib yuztuban yiqildi. Lekin darrov sakrab turdi-da, sigirining ketidan yugurdi. Uning bo'yni, qulogi qattiq achishib og'rirdi. U bo'ynini ushlab tepaga qaradi! Boshi ustida o'ntacha qovog'ari uni ta'qib qilib kelardi. O'tkir beixtiyor to'xtadi. Arilar shuni kutib turganday unga yopirildi...
Dehqonlarga ovqat pishirish uchun shiyponga ketayotgan Rahima opa yerda behush yotgan bolani ko'rib qolib, qorovulni chaqirdi. Qorovul O'tkirni qo'lida ko'tarib, uyiga olib bordi...
Sardor kun yoyilib ketguncha maza qilib uxladi. Nonushta qilgach, birorta o'rtog'im ko'rinib qolarmikan, deb ko'chaga chiqdi. Shu chog' yonginasidan "Tez yordam" mashinasi chinqirib o'tdi-yu, O'tkirlarning darvozasi yonida to'xtadi. "Tez yordam"dan tushgan ikki shifokor zambil ko'targancha ichkariga kirib ketdi. Sardor, Zamira buvim kasal bo'lib qoldilarmikan, deb o'ylab o'sha tomonga yurdi. U yetib kelmasdan shifokorlar zambilda kimnidir olib chiqib, "Tez yordam"ga yotqizdi-da, sirenasini chinqirtirib ortiga qaytdi. Zamira buvi voqeani Sardorga so'zlab berdi.
O'tkir bir hafta shifoxonada yotdi. Uyga qaytgach, Sardor uni ko'rgani chiqdi.
— O'rtoq, to'g'ri aytgan ekansan. Boplab o'ch oldi, mittivoylar. Toza ta'zirimni yedim. Endi nafaqat ari, chumolining ham uyini buzmayman. Axir, ular ham tabiatning bolasi, — dedi O'tkir.
— To'g'ri, endi jonavorlarga ozor bermaymiz, — uning fikriga qo'shildi Sardor.
Topshiriqlar
- 1-topshiriq: Sinonimlari
- 2-topshiriq: Antonimlar
- 3-topshiriq: Voqealar ketma-ketligi
- 4-topshiriq: Yozma topshiriq
- 5-topshiriq: Og'zaki savollar