← Javonga qaytish

Mimoza

Quddus Muhammadiy · She'r

Bir o't ko'rdim uyatchan,
Bargiga qo'ndirmas chang.
Nomi ekan mimoza,
Tabiati — nur, toza.

Unga sen tegar-tegmas,
O'sha on, o'sha nafas
Barg ko'zin yumib olar,
Qovog'in uyib olar.

Ko'rganlar hayron qolar.
Mimoza nechun bunday?
Muncha uyatchan, bilay.

Yo'q, mimoza undaymas,
Xizmati zo'r, zabardast.
Bilamiz mimozani,
Tabiati tozani.

Sevmas pashsha-chivinni,
Kasallik tashvishini.
Hasharot, shum ucharni,
Yalmog'iz qon icharni —
Tutib oladi darrov,
Tekinxo'rni qilar ov.

Barglari bo'lib yasov,
Mimoza yashil posbon.

Bir o't ko'rdim uyatchan,
Bargiga qo'ndirmas chang.
Nomi ekan mimoza,
Tabiati — nur, toza.

Topshiriqlar